
Ikkinchi sir

HURMAT-EHTIROM QUVVATI
Yigitchaning ro'yxatidagi ikkinchisi doktor Milli Xopkins edi. Doktor Xopkins shahar dorilfununida ruhshunos professor edi  u dorilfunun tarixida professor etib tayinlangan birinchi ayol edi. U taniqli muallima bo'lib, talabalar ham, xodimlar ham uni yaxshi ko'rardilar va hurmat qilardilar.
Uning ovoz ohangidan yigitcha qo'ng'iroq qilgani uchun xursandligi ayon edi. U kelasi kuni uchrashishga ozroq fursat topishini bildirdi. Ular soat 5 da dorilfununda doktor Xopkins xonasida ko'rishishga kelishdilar.
O'zining 64 yoshiga qaramasdan, doktor Xopkins birinchi kurs talabasi kabi g'ayratli va ko'tarinki ruhda ko'rinardi. Yigit keksa xitoylik to'g'risida eslatgan chog'ida uning ovozi tetikroq va to'lqinlanganday chiqdi.
U uncha baland bo'lmagan, belidan pasti keng, kelishgan jussali, oq bluzkasi ustidan kiygan to'q-ko'k kostyumi o'ziga nihoyatda yarashib tushgan ayol edi.
U yelkasigacha tushgan qo'ng'ir-tillarang sochlarini boshiga ko'tarib, qistirib qo'ygandi. Uning chehrasini garchi ajin qoplagan bo'lsalda, istarali, ochiq ko'ngil va do'stona edi.
  Keksa xitoylik bilan yigirma yilcha avval uchrashganman,  dedi u yigitchaga.  O'shanda men butunlay boshqacha odam edim; daydi-giyohvand edim.
Ajablanganidan yigitning jag'i osilib qoldi.
 Hoynahoy, hazillashayotgan bo'lsangiz ker  to'g'rimi?  so'radi u asabiylashib.
  Mutlaqo undaymas,  javob berdi u.  Men giyohvand moddalarni ko'p iste'mol etganim bois kasalxonaga ko'p marta tushardim, keyin yana ko'chaga qaytardim, hammasi bir boshdan yana takrorlanardi.
Kunlardan birida kasalxona krovatida uyg'ongan chog'imda, oshqozon-ichaklarimni yana bir bor yuvishgan va yonimda qo'limni ushlab doktor o'tirardi. Uning mehribon yuzi mayin edi va menga chin ko'ngildan qayg'urgancha yumshoq ohangda so'zlardi. U menga nisbatan shaxs sifatida qandaydir qiziqish bilan qaragan birinchi odam edi. Shuncha yillar mobaynida kimdir men bilan yuzma-yuz odamday gaplashardi. Shu bois keksa xitoylikni hech qachon unutolmayman.
Biz uzoq suhbatlashdik. Men unga avval hech kimga aytmaganlarim  oilam, bolaligim, ko'chalarda o'tgan umrim to'g'risida so'zlab berdim. Hammasini aytdim. Va bilasizmi, u bilan shularning barchasi haqida dardlashib, yengillashdim, o'zimni yaxshiroq sezdim. Qariya menga yordam beradigan do'stlari borligini aytdi. Ularning ismi va telefon raqamlarini berdi. Ular bilan uchrashganim uchun Xudoga shukrona bildiraman, chunki yangitdan qanday yashay boshlashni menga ko'rsatib berdilar.
  Siz Haqiqiy Muhabbat sirlarini nazarda tutyapsizmi?  so'radi yigitcha.
   Ha. Umrimda muhabbat bo'lmaganining asosiy sababini bildim. Men o'zimni yaxshi ko'rmaganman. Shu sababli Haqiqiy Muhabbatning ikkinchi'siri... hurmat quvvati men uchun g'oyat muhim bo'ldi.
Qarang, hech kimni hurmat qilmaganman. Agar hurmat qilmasang, suymas ekansan. Kimnidir yoki nimanidir sevish uchun avval uni hurmat qilish kerak. Avvalambor o'zingni hurmat qilishing darkor. Agar o'zingni hurmat qilmasang, demak, o'zingni sevolmaysan ham; agar o'zingni sevmasang, o'zgalarni sevishing mushkul.
Yigit nimalarnidir yozar, Milli esa so'zini davom ettirardi.
 Mendagi eng katta muammo shundan iborat ediki, o'zimni sevmasdim ham, hurmat qilmasdim ham.
  Nima uchun?
 Buning negizi bolaligimda, deb o'ylayman,  tushuntirdi Milli.  Men noqonuniy tarzda tug'ilgan bola edim. Uch yoshga to'lganimda onam turmushga chiqdi. U mendan doimo nomus qilar, o'gay otam ham menga noma'lum sabablarga ko'ra, ko'rarga ko'zi yo'q edi. Esimda, olti yoshligimda onam singillarimni quchayotganida meni ham quchoqlashini istadim. Ularning yoniga yugurib bordim. To'satdan orqamga kelib tushgan zarbdan yerga yiqildim. Tepamda turgan o'gay otamning qahrli yuzini hech unutmayman, u dedi: U endi mening bolalarimning onasi, sen valadi zino, tur, yo'qol!
  Onangiz nima dedi?  so'radi yigitcha.
 Onam mutlaqo hech nima demadi. U menga umuman hech qanday e'tibor bermay, xuddi men yo'qday, singillarim bilan shug'ullanardi. Ota-onalarning shunchalar johil bo'lishlariga ishonish qiyin, to'g'rimi? Lekin mening ota-onalarimdan ham ko'proq zulm keltirgan kishilarni uchratganimni tasdiqlayman. Meni tez-tez kaltaklardilar, deyolmasam ham, muhabbatdan ham, erkalanishdan ham nasib etmagan. Nima bo'lganda ham, o'z ota-onam menga zarracha e'tiborsiz, o'zlaridan nari itaraverardilar.
 O'zimni tashlandiq, abgor, suyimsiz his qilardim, shu bois hayotni yomon ko'rardim. Bu keng tarqalgan muammoligini bilasiz. Ko'p kishilar o'zlarini qadrlamaydilar. Ularga o'zlarining tashqi ko'rinishlari, ovozi yoki aql darajasi yoqmaydi va shu sababli o'zlariga nisbatan hurmatni yo'qotadilar hamda boshqalar bilan solishtirganda o'zlarini nomukammal deb hisoblaydilar. Mana shu sababdan men o'zga kishi muhabbatini his etishimdan oldin, o'zimni qadrlay bilishga va sevishga o'rganishim kerak edi.
  O'zingizni qadrlashga qanday o'rgandingiz?  so'radi yigitcha.  Bu oson bo'lmagandir?
Milli kulimsiradi.
  Siz haqsiz. Bu doim ham oson bo'lmaydi, lekin amalga oshishi mumkin. O'zgalar sen haqingda nima deyishidan qat'i nazar, o'z qadringga yetishni o'rganish kerak. Yer yuzida har bir kishining o'z o'rni borligiga ishonish kerak. Har birimiz noyobmiz. Masalan, hech zamonda aynan sizday inson bo'lmagani va bundan keyin ham bo'lmasligini yaxshi bilasiz. Faqat shuning uchungina har qanday umr kechirayotgan inson,  u boymi yoki qashshoqmi, oqmi yoki qorami, erkakmi yoki ayolmi,  hurmat qilinishga loyiq. Diniy mazhablardan birida ajoyib qadimiy gap bor: Bir ko'ngilni xalos etgan butun olamni qutqaradi. Buning ma'nosi, har bir kishi bebaho uning tanasining rangi, qaysi dinga mansubligidan qat'i nazar, har bir inson yashash huquqiga egadir.
-  Bularning barchasi nazariy jihatdan yaxshi eshitiladi, lekin amalda boshqacharoq ko'rinadi,  dedi yigitcha.
- Albatta, barcha narsa haqida shunday deyish mumkin,  javob berdi Milli.  Lekin buning iloji yo'q degani emasku. Menki buni epladim, ishonchim komilki, har bir kishi uddalaydi. Lekin o'zingizda va o'zgalarda qadrlashingiz mumkin bo'lgan chiziqni topish darkor.
  Nimalar deyapsiz?  so'radi yigitcha.
   Bizning miyamiz  bu aql bovar qilmas mashinadir, hatto bugun, hozirgi zamon tibbiyoti taraqqiyoti chog'ida ham uning imkoniyatlarining faqat kam qisminigina bilamiz. Miyaning bemisl qobiliyatlaridan biri  har qanday qo'yilgan savolga javob topishdir. Shunga ko'ra, masalan, o'zingizdagi qaysi jihatlarni qadrlaysiz va sevasiz, deya o'zingizga savol bersangiz, miyangiz javob beradi. Aslida keksa xitoylik menga aynan shu savolni berdi. Avvaliga o'zimdagi hech qaysi jihatlarni qadrlamasligim va yoqtirmasligimni. aytdim.
Shunda u dedi: Bilaman, lekin har holda biron nima bordir, bor bo'lsa, u nima?
Men bu haqda biroz o'ylab turdim va miyamga bir qancha narsalar keldl Aqlim butunligini bilardim, maktabda eng yaxshi o'quvchi edim, yolg'izlikda tirik qollshga muvaffaq bo'lganim uchun o'zimni qadrlardim, shunchalik mushkul ahvolda qolganimga qaramasdan, hech qachon hech kimni tunab, birovni aldaganim yo'q. Asta-sekin o'zimga tuzukroq munosabatda bo'la boshladim.
Yigitcha yondaftarchasiga nimalarnidir yozib, doktor Xopkinsga nigohini qaratdi.
 O'zingizdagi qaysi sifatlar tufayli qadrlashingiz va yaxshi ko'rishingizni so'rash  o'zingizga nisbatan hurmat hissini paydo etish va rivojlantirish uslubidir. Nima bo'lmasin, u menga aniq yordam berdi. Agar menga yordami tegibdimi, demak, har
bir kishiga ko'maklashadi. Shu sabali O'zimdagi
qaysi jihatlarni qadrlayman? deb so'rasangiz, miyangiz javoblarni beradi.
  Bordi-yu bermasa-chi?
 Har doim nimadir bo'ladi va ko'pincha aqlga bir nechta narsa darhol keladi. Masalan, balki siz halolligingiz, ishingiz borligi yoki muntazam ravishda jismoniy mashqlar bajarishingizni qadrlarsiz. O'zingizda qanday bo'lmasin, hurmat qiladigan nimadir toping. Yana o'zga kishilar, ayniqsa, siz yoqtirmaydigan odamlar to'g'risida ham o'zingizga shunday savol berish foydali.
  Nimaga endi?  so'radi yigitcha.
 Chunki aqlingiz ularning sizga yoqmaydigan jihatlarga emas, balki siz qadrlaydigan fazilatlariga markazlashadi. Bu ro'y bergan chog'da ularga muhabbat bilan munosabatda bo'lishni o'rganasiz.
  Muhabbat bilan deganda nimani nazarda tutayapsiz?
 Ularga nisbatan mehribonlik va e'tibor bilan munosabatda bo'lishni. Ko'p kishilar boshqalar bilan xuddi mensimagandek muomala qilishlarini ko'pincha payqab qolamiz,  davom etdi doktor Xopkins,  aslida esa hammamiz yagona Yaratgandan paydo bo'lganmiz. Hayotda yo'l qo'yish mumkin bo'lgan eng yomon xatolardan biri  bu ayrim olingan bir insonning kuchini to'g'ri baholamaslikdir. Har bir odam olamni o'zgartirishga qobiliyatli va u o'zicha haqiqatdan ham uni ozroq o'zgartiradi. Biz har bir odamni qadrlab hurmatlasak, u bilan boshqacha muomala qila boshlaymiz.
Yodimda, ko'chalarda sarson-sargardonlikda yurgan chog'imda, bir kuni uy yo'lagida uxlab qolibman. Tunda uyg'onib ketdib qarasam, bir politsiyachi yuzimga siyib turibdi.

  Nima?  xitob qildi yigitcha.  Bunday qilishga qanday haddi sig'di?
  Hoynahoy, u men kabi shunday uysiz kishilarga faqat nafrat hissini sezgan bo'lsa kerak,  deb javob berdi doktor Xopkins.  U menga nisbatan inson sifatida hech qanday hurmat sezmagan. Tepamda turib, ustimdan kulganini hech qachon unutolmayman. Uning uchun bu qilig'i ajoyib hazil edi.
 Jahondagi ko'p muammolar o'zimizga, o'zgalarga, hayotga nisbatan hurmatimizni yo'qotganimiz tufayli vujudga kelishiga aminman. Natijada bizda muhabbat yo'qoladi. Buning oqibatlarini butun jahon bo'ylab ko'rish mumkin  arablar va yahudiylar, qora va oq tanlilar, protestant va katoliklar  agar biz faqat bir-birimizning e'tiqodlarimizni hurmat qilganimizda, bir-birimizni yaxshi ko'ra boshlardik.
O'z shaxsiy qadringizni anglagan chog'ingizda siz o'zga kishilar qadrini tushuna va hurmat qila olasiz. Va birovni hurmat qilgan chog'ingizda, uni yaxshi ko'ra boshlaysiz. Masalan, men o'zimni hurmat qilish va sevishni o'rgangan chog'da boshqa kishilar bilan muomala qilish yoqadigan bo'ldi. Men insonlarda hurmatga loyiq jihatlarni izlaganimda, ularga nisbatan munosabatim o'zgarar va ularga muhabbat bilan qarashim osonlashar ekan.
Yigitcha nimalarnidir yozarkan, o'zicha jilmayib qo'ydi. Bu shu qadar oddiy va shunchalar oqilona ekan, lekin u avvallari muhabbat va sevgi munosabatlarini yaratishda hurmat roli xususida hech qachon rostdan ham o'ylamagan ekan.  Lekin, menga shuni ayting-chi,  qiziqib so'radi u.  Ko'chada yashab yurib, qanday qilib professor bo'la oldingiz?                                       
Doktor Xopkins kulimsiradi.
 Keksa xitoylik ro'yxatidagi bir ayol rohiba bo'lib chiqdi. U ajoyib inson edi va menga yordam berish uchun juda ko'p ish qildi; u meni ko'chadan olib, mahalliy monastirda yashashimga joy topib berdi. U yerda yashashim evaziga uy ishlarini bajarishga kelishdik: ovqat pishirardim, bog'da ishlardim, tozalardim. Hamma ishni bajarar edim. Birinchi kundanoq meni rohiba opalardan biri, ularning oilasi a'zosi kabi qabul qilishdi. Ular hech qachon meni pastkash piyonista yoki tuban ayol deb hisoblamaganlar; ular uchun men shunchaki yordam berish zarur bo'lgan yaqin kishi edim va ular ko'maklashardilar. Men uchun bu yangi tajriba edi  hayotimda ilk bor o'zimni kimgadir kerakli deb his qildim.
Ayni shu rohiba menga o'qishimni davom ettirishni maslahat berdi. Menga ajoyib aql in'om etilganini, undan foydalanishim zarurligini aytdi. Shu paytgacha hech kim meni rag'batlantirmagan edi. Kechki maktabga bordim. Monastirda mening harakatlarimni hamma qo'llab-quvvatlardi va yetti yildan keyin birinchi darajadagi imtiyozli diplom olishga muvaffaq bo'ldim. Keyingi yil magistr darajasini oldim, uch yildan keyin esa doktor darajasini berishdi. Bu hayotimda eng ajoyib va esda qoladigan kun bo'ldi. Monastirdagi barcha opa-singillar tadbirga kelishdi va mening ismimni chaqirganlari, diplom olish uchun sahnaga chiqqan daqiqani hech unutolmayman. Menga diplom topshirayotganlarida tomoshabinlar tomonga o'girildim; yigirma chog'li rohiba tabassum qilib qarsak va hushtak chalishardi. Sahnadan tushayotganimda auditoriyaning narigi chekkasida turgan yana bir kishiga ko'zim tushdi. Bu keksa xitoylik edi, U qo'llarini ko'tardi va menga qarsak chaldi, uning chehrasida tabassum barq urardi.
   Shu kuni kechqurun yigitcha Milli Xopkins bilan uchrashuv chog'ida yozganlarini xulosalab qo'ydi:
  
    Haqiqiy muhabbatning ikkinchi siri - hurmat quvvati.

* Birovni sevish uchun avval uni hurmat qilishni o'rganing.
* Avvalam bor o'zingizni hurmat qilishingiz kerak.
* O'zingizga hurmat uyg'otish uchun o'zingizdan: <<O'zimdagi qaysi xislalarni qadirlayman?>> deb so'rang.
* O'zgalarga, hatto siz yoqtirmaydigan kishilarga hurmat uyg'otish uchun o'zingizdan: <<Ularning qaysi jihatini qadirlayman?>>, deb so'rang.
